TOShKENT, 11 avg - Sputnik. 2021 yilning 11-avgust kuni Tashqi ishlar vazirligida vazirlik xodimlari va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirokida “Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining saylovdagi ishtirokini keng ta’minlash: meyoriy-huquqiy asoslar, imkoniyatlar va mexanizmlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev va MSK a’zolari ishtirok etdi.
Davra suhbatini O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Siddiqov kirish so‘zi bilan ochib berib, oldimizdagi turgan muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston prezidenti saylovini yuqori darajada tashkil etish, xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining saylovda faol ishtirokini ta’minlash va mazkur jarayonda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining o‘rni hamda ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu siyosiy jarayonni yuksak saviyada o‘tkazish, xususan, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining saylovdagi ishtirokini keng ta’minlash bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligi toomonidan ham izchil ishlar qilinmoqda.
O‘zbekiston prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish doirasida O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari mavjud bo‘lgan 38 ta davlatda 54 (55 ta dipvakolatxona, Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxona va BMTdagi vakolatxona birga) statsionar saylov uchastkalari hamda ushbu davlatlarning 128 ta shahrida va diplomatik vakolatxonalar mavjud bo‘lmagan 11 davlatda qo‘shimcha ravishda jami 316 ta ko‘chma saylov uchastkasi tashkil qilinishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxona va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston prezidenti saylovini xorijda yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida, mahalliy hokimiyat, diasporal tashkilotlar hamda o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ko‘p joylashgan korxona rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Xorijiy tomonlar o‘zbek xalqi hayotidagi ushbu muhim siyosiy tadbirni o‘tkazishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirib, muddatidan oldin ovoz berish jarayonini o‘tkazish uchun loyiq bino va kerakli yordam berilishini aytib o‘tishgan.
Diplomatik vakolatxonalardan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, chet eldagi saylovchilarning birlamchi ro‘yxati shakllantirilgan.
Diplomatik vakolatxonalar tomonidan chet eldagi 151 o‘zbek diasporal tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Bundan tashqari, vazirlik taklifi asosida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 34 ta xorijdagi o‘zbek diasporasi bilan chet davlatlarda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining bandligini ta’minlash va ularning huquq hamda manfaatlarini himoya qilish sohasida hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
23 iyul kuni O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan, unda 24-oktabr sanasi O‘zbekiston prezidenti saylovi kuni etib belgilanganini ma’lum qilgandi. Saylov kampaniyasiga 23-iyuldan start berilgan.