TOShKENT, 9 avg – Sputnik. Jizzax viloyatidagi Zomin milliy tabiat bog‘ida 8-avgust soat 17-00 ga yaqin yana yong‘in sodir bo‘ldi.
O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bir soatga yaqin davom etgan yong‘in 10 sotixdan oshiq yer maydonini zararlagan. Vaziyatning kelib chiqish sabablari hali ma’lum qilinmadi. FVV yong‘inni to‘liq bartaraf etganligini aytgan.
O‘t o‘chirishda vazirlikning 55 nafar yong‘in-qutqaruvchilari ishtirok etgan. Xodisa oqibatida halok bo‘lgan yoki jabrlanganlar yo‘q.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, bir oy ichida tumanda 100 gektarga yaqin yer maydoni yong‘indan zarar ko‘rdi. Shu oyning 1- sanasida yong‘in oqibatida 80 gektardan oshiqroq yer maydoni o‘t ichida qolgan edi.