Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayevning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yilda va ilk bor yangi saylov kodeksi asosida o‘tkazilayotgan prezident saylovidan ko‘zlangan pirovard maqsad: saylovlar adolatli, shaffof va umume’tirof etilgan xalqaro talablar asosida o‘tdi, degan e’tirofga sazovor bo‘lish.
"Har bir ovoz beruvchi uchun kurashamiz"
O‘zbekistonda 2021-yilgi prezident saylovi kampaniyasi boshqa saylov kampaniyalaridan ko‘p jihatlari bilan ajraladi. Ushbu siyosiy jarayon yangi yagona saylov kodeksi bo‘yicha, yangi O‘zbekiston sharoitida o‘tkazilayotgani ham shunday mas’uliyatni yuklamoqda.
Qolaversa, joriy prezident saylovlarida eng katta maqsadlardan biri sifatida har bir ovoz beruvchigacha yetib borish vazifasi belgilab olingan.
“Kerak bo‘lsa uyma-uy yuramiz. Komissiya a’zolari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘g‘riligini mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish orqali aniqlashtiradi, - deya tushuntiradi Markaziy saylov komissiyasi axborot-xizmati rahbari Jaloliddin Usmonov. – Ammo bu saylov jarayonida majburiy mehnat, bo‘larkanda, degani emas. Har bir uchastka saylov komissiyasi a’zosi belgilangan ish xaqisini oladi. Bugungi kunda komissiya a’zolari ish xaqi (aniq summasi) va boshqa sarf-harajatlar haqida savollar ko‘p yangramoqda, aynan mana shu masalalar bo‘yicha MSK kengaytirilgan munosabatni tayyorlamoqda va u albatta, tez kunlarda e’lon qilinadi”.
Ta’kidlanishicha, saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan saylovchilarga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ham chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Deylik, shunga zarurat bo‘lsa, saylov uchastkalari jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun mo‘ljallangan yashirin ovoz berish kabinalari bilan jihozlanadi. Agar saylovchi uyda uyda bemor bo‘lib yotgan bo‘lsa yoki boshqa sabablarga ko‘ra, ovoz berish binosiga kela olmagan hollarda, bunday fuqarolar uchun saylovchining iltimosiga binoan u yashayotgan uyda ovoz berish tashkil etiladi.
“Biz har bir saylovchigacha yetib borishga harakat qilamiz. Cheklangan imkoniyatlar fuqarolarimizga ularning Konstitutsion burchlarini ado etishga sabab bo‘lib qolmasligi kerak. Buning uchun barcha sharoitlarni hozirlayapmiz”, - deydi MSK matbuot-xizmati rahbari.
Ta’kidlanishicha, bunda tegishli komissiyaning kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga yuboriladi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Vaqtincha yashayotgan manzildan ovoz bersa bo‘ladimi?
Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayevning aytishicha, bugungi kunga qadar juda ko‘pchilik aholini qiziqtirayotgan masalalardan biri – bu o‘zi doimiy istiqomat qiluvchi manzildan emas, balki vaqtincha yashayotgan manzildan ovoz berish imkoniyatlari to‘g‘risidadir.
Avvalgi saylovlarda, vaqtinchalik yashash manzillarida istiqomat qiluvchi ko‘plab fuqarolar saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lishgani holatlari hech kimga sir emas.
Endilikda, yangi Kodeks bo‘yicha chet davlatlarning vakolatli davlat hokimiyati organlari bilan kelishuvlarga muvofiq chet davlatlarning aholi zich joylashgan hududlarida muddatidan oldin ovoz berish saylovchining turgan joyida o‘tkazilishi mumkin.
Buning uchun ko‘chma qutilar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda esa fuqarolar vaqtincha yashash manzili bo‘yicha saylov uchastkasiga biriktiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik va boshqa vakolatxonasi huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti hamda joyi to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda kuzatuvchilarni OAV orqali xabardor etadi.
Onlayn ovoz berish tashkil etiladimi?
MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov, onlayn-ovoz berish haqidagi savolga to‘xtalar ekan, O‘zbekistondagi saylovning o‘ziga xos prinsipi – bu yashirin ovoz berish ekanligini eslatib o‘tadi va elektron ovoz berishda identifikatsiya masalalaridan kelib chiqqan holda, onlayn-ovoz berish yashirinlilikni ta’minlay olmaydi, shu bois, biz bu tizimni qo‘llay olmaymiz, deya tushuntiradi.
Ta’kidlanishicha, MSK pandemiya boshlanganidan buyon 10ta davlatda pandemiya sharoitida o‘tkazilgan va o‘tkazilayotgan prezident saylovlarida bevosita ishtirok etib, bu tajribaning ijobiy tomonlarini o‘rgangan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi, mutasaddi idora vakillari kelishilgan holda yo‘riqnomani tayyorlagan. Bu yo‘riqnomani esa saylovga yaqin qolganda e’lon qilish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston prezidenti saylovi kampaniyasiga 23-iyul kuni start berildi. Saylovlarda 5 ta partiya – "Adolat" SDP, "Milliy tiklanish" DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega. Saylov 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.
"Oilaviy ovoz berish" qattiq nazoratga olinadi
O‘zbekistonda ilgari doim, jumladan, 2019-yilda bo‘lib o‘tgan Parlament saylovlarida ham “oilaviy ovoz berish” ya’ni bir kishi oiladagi barcha uchun ovoz berishi holati uchrab turgani sir emas. Ammo bu singari holatlarga qattiq kurashilgan, deya eslatib o‘tadi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov. Bu holatga chek qo‘yish esa eng avvalo saylovchilarning huquqiy ongiga bog‘liq, deb qo‘shimcha qiladi u.
Qo‘chqorovning ta’kidlashicha, saylovda ishtirok etadigan fuqarolarning to‘liq ro‘yxati avtomatik tarzda shakllantirilgan. Bu bir shaxsning bir necha marotaba ovoz berishi yoki bir kishining butun oila a’zolari uchun ovoz berishining oldini olish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan prezidentlik saylovlarida Narzullo Oblomurodov, "Adolat" sotsial-demokratik partiyasidan Bahrom Abduhalimov, "Milliy tiklanish" partiyasidan Alisher Qodirov, Xalq demokratik partiyasidan Maqsuda Vorisova, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan mamlakatning amaldagi rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzod sifatida ishtirok etishi ma’lum bo‘lgan edi.