TOShKENT, 5 avg — Sputnik. 28 iyul kuni Xitoyning Xubey provinsiyasining ma’muriy markazi Uxan shahridan №75151 – sonli birinchi yuk poyezdi Toshkentga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Xitoyning yetakchi "Jenmin jibao" gazetasining elektron nashriga ko‘ra, poyezd Shinjon uyg‘ur avtonom rayoni Xorgos temir yo‘l postidan o‘tadi va 12 kun ichida o‘z manziliga yetib keladi.
Poyezdda umumiy og‘irligi 600 tonnadan ortiq bo‘lgan bolalar aravachalari, paxta tolasidan tayyorlangan iplar, poyabzal buyoqlari, maishiy texnika, konditsionerlar uchun butlovchi qismlar, mato va boshqa iste’mol mollari o‘rin olgan.
"China Railway Modern Logistics Technology Co., Ltd" logistika kompaniyasi xodimining gazeta muxbiriga aytishicha, "Ushbu to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l loyihasining ishga tushirilishi Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida sanoat mollari almashinuvini oshishiga va, shubhasiz, trasport xarajatlari va tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq vaqtning qisqartirishiga xizmat qiladi".
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda "Xebey Gaoi-Xorgos-Toshkent" yo‘nalishi bo‘yicha 50 ta vagondan iborat birinchi xalqaro yuk poyezdining qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.