SSV: O‘zbekistonga tez kunlarda 90 ming doza “Sputnik V” 2-komponenti keltiriladi

Internetda tarqalgan shov-shuvlarga javoban vazirlik, “Sputnik V” vaksinasining birinchi va ikkinchi komponentlari bilan emlanish oralig‘ini 21 kundan 90 kungacha uzaytirish mumkin, deya aniqlik kiritib o‘tgan
Sputnik
TOShKENT, 5 avg - Sputnik. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi internet tarmoqlarida “Sputnik V” vaksinasining komponentlari yetishmovchiligi kuzatilayotgani haqida tarqalgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, shu kunga qadar O‘zbekistonga 370 ming doza “Sputnik V” vaksinasi olib kelingan.
Asadov O‘zbekistonda “Sputnik V” ishlab chiqarishdan asosiy maqsad nimaligini aytdi
Ularning 230 000 dozasi 1 – komponent, 140 000 dozasi 2-komponent hisoblanadi. 2021-yil 4-avgust holatiga ko‘ra, 341 260 doza “Sputnik V” emlash jarayonlarida qo‘llanilgan bo‘lib, 212 818 nafar shaxs vaksinaning faqat birinchi dozasini olgan.
128 442 nafar fuqaro 2-dozani ham qabul qilib, to‘liq emlangan.
Ma’lum bo‘lmoqdaki, vaksinaning har ikkala komponentlari miqdori tenglashishi uchun yurtimizga yana 90 ming doza vaksina keltirilishi kerak.
""Sputnik V"ning 90 ming dozalik 2-komponenti yaqin kunlarda yurtimizga keltirilishi kutilmoqda. Qolaversa, Gamaleya nomli ilmiy tadqiqot instituti direktori Aleksandr Ginsburg va sohaning qator nufuzli olimlari “Sputnik V” vaksinasining birinchi va ikkinchi komponentlari bilan emlanish oralig‘ini 21 kundan 90 kungacha uzaytirish mumkinligini ma’lum qilishgan. Xulosa qilish mumkinki, vaksinaning komponentlarini qabul qilish oraliq muddati uzayishi ham uning ta’sir kuchiga monelik qila olmaydi", - deyiladi vazirlikning rasmiy bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Olmaliq shahridagi “Jurabek laboratories” qo‘shma korxonasida ham koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda. Shu yilning 29-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu korxona faoliyati bilan tanishgan edi.