TOShKENT, 5 avg — Sputnik. Badiiy gimnastikachi Sabina Toshkenboyeva koronavirusga chalingani sabab Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston sharafini himoya qilmaydi. Bu haqda uning o‘zi Instagram sahifasida ma’lum qildi.
“Olimpiya o‘yinlarida qatnashishim kerak edi. Ammo afsuski, koronavirus meni ham chetlab o‘tmadi. Musobaqalarda ishtirok eta olmayman. O‘rnimga Yekaterina Fetisova bahslarga kirishadi. Unga va butun terma jamoamizga omad tilayman. Biz bu yo‘lda juda uzoq yo‘lni bosib o‘tgandik, biroq Olimpiadada ishtirok etish nasib etmadi. Meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildiraman”, - deydi sportchi o‘z murojaatida.
Shu tariqa endilikda Tokio Olimpiadasining ko‘pkurash bahslarida Sabinaning o‘rniga Yekaterina Fetisova O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
O‘zbekiston Tokio-2020 Olimpiya o‘rinlarida 2 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, davlatlar orasida 32-o‘rinda.