TOShKENT, 4 avg — Sputnik. Yaqin kelajakda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 1 milliard dollarga yetkazilishi kutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov bilan muzokaralari davomida ma’lum bo‘ldi.
Turkmanboshi shahrida shahridagi uchrashuv chog‘ida tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildi.
Ko‘p qirrali iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun ustuvor vazifalari belgilab olindi. O‘zaro savdoni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaxshilash, shu jumladan, mavjud tarif va notarif to‘siqlarni izchil bekor qilish hamda ikki mamlakat bozorlariga O‘zbekiston va Turkmanistonda ishlab chiqilgan tovarlarning kirishini soddalashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birga boshlashga kelishildi.
“Ikki mamlakat iqtisodiyotlarining mavjud salohiyatini inobatga olgan holda ushbu chora-tadbirlar yaqin kelajakda O‘zbekiston – Turkmaniston savdo aylanmasi hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkonini berishi bashorat qilinmoqda”, - deyilgan xabarda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston – Turkmaniston chegarasida transchegaraviy savdo zonalarini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanishicha, bu ikki tomonlama savdo rivojiga qo‘shimcha turtki beradi, jumladan, qishloq xo‘jaligi va maishiy texnika, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, shuningdek, neft-kimyo mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni oshiradi.
O‘zbek-turkman chegarasida transchegaraviy savdo zonalari yaratilishi Umurzakovning o‘tgan yili may oyida Turkmaniston Vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari — tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan videokonferensaloqa orqali muzokaralarida ma’lum bo‘lgandi.