TOShKENT, 2 avg — Sputnik. Toshkent telekanali “Poytaxt yo‘llari” ko‘rsatuvida Olmaliq shahrida YPX inspektori qoidabuzar “Malibu” haydovchisini “yuqoridan” bo‘lgan buyruq tufayli qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgani aks etgan lavha efirga uzatildi.
Videoda o‘zini viloyat YPX xodimi deb tanishtirgan inspektor qora rangdagi “Malibu” avtomobilini haydovchisini to‘xtatgani ko‘rish mumkin. Xodim aniqlangan qoidabuzarlik uchun haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirayotgan vaqtida unga ratsiya orqali aloqaga chiqiladi va mashinani qo‘yib yuborish buyrug‘i beriladi.
“Telefon qilishdi, qanaqa mashinani ushlab turibsan?.. Qo‘yvor bo‘ldi, ko‘p gapirmasdan. Yaxshi yetvoling deb tushuntirvor”, — degan gaplarni eshitish mumkin lavhada.
YPX inspektori buyruqni bajargan holda avtomobilning harakatlanishiga ruxsat bergan.
Viloyat IIBB axborot xizmati bu holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, o‘tkazilgan nazorat-reyd tadbirlari davomida M.Ulug‘bek ko‘chasida xizmat olib borayotgan YPX xodimi A.I. “Malibu” haydovchisini harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmaganligi sababli to‘xtatgan. Avtomobil “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasiga tegishli. Tekshiruv davomida transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi barcha hujjatlar haydovchining yonida bo‘lgani aniqlangan.
Haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasi 1-qismiga (Xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzish) asosan elektron shakldagi bayonnoma rasmiylashtirilgan.
“Ushbu holatda (ratsiya orqali bog‘langan) 2-mintaqaviy hudud YPX otradi komandiri amaldagi meyoriy hujjatlar talablarini buzgani uchun intizomiy jazolandi”, - deyilgan xabarda.