TOShKENT, 1 avg — Sputnik. Seulda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Yashil o‘sish global instituti (GGGI) Assambleyasi raisi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, tomonlar O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida Yashil o‘sish global institutiga birinchi a’zo davlat bo‘lganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Toshkentda GGGI ning Markaziy Osiyodagi birinchi vakolatxonasi ochildi. O‘ndan ortiq qo‘shma tadbirlar amalga oshirildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston va GGGI o‘rtasidagi qator sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, yashil iqtisodiyot texnologiyalarini joriy etish, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda KOICA va GGGI o‘rtasidagi qiymati 5,6 million AQSh dollariga teng loyiha doirasida Orol dengizi mintaqasining ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik holatini yaxshilash bo‘yicha o‘zaro munosabatlarga alohida e’tibor qaratildi.