TOShKENT, 31iyul — Sputnik. “Kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021-yilning avgust oyida aholining quyidagi qatlamlariga 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi:
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 18 yoshga to‘lmagan farzandlariga;
- nogironligi bo‘lgan 18 yoshga to‘lmagan bolalarga.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari rahbarlari – “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari sonidan kelib chiqib, to‘lov vedomostlarini shakllantiradi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari orqali ularga moddiy yordam pullarining 25-avgustga qadar manzilli yetkazilishini ta’minlaydi.