MOQ mutasaddilari boks hakamlari faoliyatiga norozilik bildirishdi

O‘z ishiga noprofessional yondashgan hakamlar Olimpiya o‘yinlaridan chetlatiladi, lekin bahs natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Sputnik
TOShKENT, 29-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Milliy Olimpiada qo‘mitasi mutasaddilari Tokioda Olimpiya o‘yinlarida boks musobaqalarini o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan Morinari Vatanabe bilan uchrashishdi.
Uchrashuv davomida boks bellashuvlarning ayrim bahslari yuzasidan e’lon qilingan hakamlar qarorlari keng ommaning noroziligiga sabab bo‘layotgani ma’lum qilindi.
Boks musobaqalariga hay’atlik qiluvchi maxsus komissiya ta’kidlashiga ko‘ra, har bir bellashuvda 5 nafar hakamdan tashqari alohida 2 maxsus vakil orqali referilarning qarori nazorat qilib boriladi. Bahs yakunida e’lon qilingan qaror qayta ko‘rib chiqilmaydi.
Janglarda shubhali holatlar alohida o‘rganib boriladi va o‘z ishiga noprofessional yondashgan hakamlar Olimpiya o‘yinlaridan chetlatilish va uyiga jo‘natib yuborilishi belgilab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, ushbu Olimpiya o‘yinlarida boks bahslarini o‘tkazish Xalqaro bokschilar assotsiatsiyasiga (AIBA) emas, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaga topshirilgan. Unga esa Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti, yaponiyalik Morinari Vatanabe rahbarlik qilmoqda.