Emlangan odam boshqalarga kovidni yuqtirishi mumkinmi - epidemiolog javobi

Qurbonovning ta’kidlashicha, vaksina olganlar kasallik tashuvchisi bo‘lmaydi.
Sputnik
TOShKENT, 22-iyul - Sputnik. Koronavirusga qarshi emlangan odam vaksina olmaganlarga qanchalik xavf tug‘diradi? Vaksina olganlar virus tashuvchisi bo‘lishi mumkinmi? Sputnik O‘zbekiston muxbiri ushbu savol bilan O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi Botir Qurbonovga murojaat qildi.
SSV aholining aksariyat qatlamini majburiy vaksinatsiya qilish haqida qaror qabul qildi
Qurbonovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda vaksinatsiya jarayonlariga bugungi kunda alohida e’tibor berilgan bo‘lib, mamlakatda vaksinatsiya jarayoni 1-apreldan boshlangan bo‘lsa, hozirgacha kasallanganlar orasida vaksina olgan-tashuvchilar yoki bo‘lmasa vaksina olgandan so‘ng darhol kasal bo‘lib qolganlar mavjud emas.
"Odam vaksina olganidan keyin tashuvchiga aylanmaydi. Lekin vaksina olgandan keyin kasallanganlar bor, bu to‘g‘ri. Bundaylarning asosiy qismi vaksina jarayonlarini to‘liq o‘tamagan – ya’ni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini uchta dozada har 28 kun oralig‘ida qabul qilish ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kungacha kasallik qayd etilib, kasalxonaga tushganlarning aksariyati birinchi va ikkinchi dozasini olishga ulgurgan bemorlardir. Bunda vaksina olmaganlar ancha oldin infeksiyani yuqtirib, so‘ngra vaksina olganlarga ham kasallik o‘tganligi kuzatilmoqda", - deya tushuntirdi epidemiolog.
Qurbonovning ta’kidlab aytishicha, vaksina olganlar kasallik tashuvchisi bo‘lmaydi.
"Shu bois, emlanganlar boshqalarga kasallikni yuqtirmoqda, degan tushunchadan juda ham yiroq bo‘lishimiz kerak. Emlanmaganlar emlanganlar uchun xavf tug‘dirishi ehtimoli esa yuqori. Shu bois barchaga ijtimoiy masofani saqlash va niqob rejimiga amal qilishni tavsiya etib qolaman", - dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakili.