TOShKENT, 21-iyul — Sputnik. Dunyoda koronavirusning yanada xavfliroq shtammi paydo bo‘lishi mumkin, deb bayonot berdi BSST bosh direktori Tedros Gebreyesus xalqaro olimpiya qo‘mitasining 138-sessiyasi davomida.
Tashkilot rahbarining aniqlik kiritishicha, yangi mutatsiya "delta" variantidan ham qo‘rqinchliroq bo‘lishi mumkin.
Tedros Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, infeksiya tarqalishining davom etaverishi yangi shtamm paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.
"Virus qanchalik keng tarqalsa, uning variantlari ham shunchalik ko‘payadi, ular orasida hatto hozirda eng ko‘p ziyon yetkazayotgan "delta" variantdan ham xavfliroqlari paydo bo‘lishi mumkin", - dedi Gebreyesus.
BSST vakilining ta’kidiga ko‘ra, bunday tendensiyada virusning hatto vaksinalar himoyasini ham chetlab o‘tadigan shtammi paydo bo‘lishi ehtimoli bor.
Ayni vaqtda "misli ko‘rilmagan choralarni talab etuvchi" "misli ko‘rilmagan inqiroz" kuzatilmoqda, deya qayd etdi u.
BSST Favqulodda holatlar qo‘mitasi koronavirusning yangi shtammlari xavfi haqida oldin ham ko‘plab marotaba ogohlantirgan, jumladan, o‘shanda virusning yangi turlari yanada xavfli va yuqumli bo‘lishi hamda bu shtammlarni boshqarish hozirgiga qaraganda ancha qiyin bo‘lishi haqida gap borgandi.