TOShKENT, 15-iyul — Sputnik. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bugun Toshkentga amaliy tashrif bilan keldi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar qilmoqda.
Afg‘oniston rahbari 15-16 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" xalqaro konferensiyasida ishtirok etishi kutilmoqda.
Shuningdek, nufuzli anjumanda, Pokiston bosh vaziri, Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy, Rossiya tashqi ishlar vazirlari, AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili – jami 600 ga yaqin ishtirokchi tashrif buyurishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu yuqori darajali anjuman Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.