TOShKENT, 14-iyul — Sputnik. AQShning Afg‘onistondan qo‘shinlarni chiqarish jarayoni deyarli yakuniga yetdi, deyiladi AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi bayonotida.
Xabarda aytilishicha, mamlakatni harbiy kontingentning 95 %dan ortig‘i tark etgan.
AQSh armiyasi vakillari shuningdek, sal avval amerikalik harbiylar egallab turgan yettita obyekt ustidan nazorat Afg‘oniston mudofaa vazirligiga topshirilgani haqida xabar qilishgan.
Pentagon 17 ming donaga yaqin uskunalarni yo‘q qiladi. Ularning aksariyat qismini qirg‘in qurollari bo‘lmagan mudofaa vositalari tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, amerika qo‘shinlarini chiqarish jarayoni 2021-yilning boshiga rejalashtirilgan, ammo jarayon cho‘zilib, natijada AQSh harbiylari aprel oyi oxirida Afg‘onistonni tark eta boshlashgan edi.
AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakatdan harbiylarni 11-sentabrga qadar olib chiqib ketish rejalari haqida ma’lum qilgandi. Ammo bu rejalarga bir oz o‘zgartirish kiritishga to‘g‘ri keldi.
Amerikaliklarning aytishicha, ilgariroq erishilgan kelishuvlarga amal qilmaslik va amerika askarlarini mamlakatdan chiqarish jarayonining cho‘zilishi toliblarni javob choralarini ko‘rishga majbur etgan.
Ayni vaqtda AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi fonida mamlakatda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida keng ko‘lamli janglar avj oldi. Jangarilar Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston chegaralariga yaqin keldilar.