TOShKENT, 13-iyul — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahrida mehnat migrantlari o‘rtasida ommaviy mushtlashuv aks etgan videolar tarqalmoqda.
Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari respublikaning ushbu davlatdagi elchixonasi vakillari bilan birgalikda voqea joyiga borib, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan muloqotda bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ommaviy mushtlashuvda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etmagan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Moskvada “Kuzminki” metro bekati yaqinida migrantlar ishtirokida ommaviy mushtlashuv yuz berdi. Hodisa Zelenodolskaya ko‘chasida sodir bo‘lgan. Mushtlashuvda 200 nafargacha migrant ishtirok etgan.