TOShKENT, 12 iyul — Sputnik. Toshkentda 15—16 iyul kunlari o‘tkaziladigan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro konferensiyada olti yuzdan ortiq ishtirokchilarning qatnashishi kutilmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov brifing chog‘ida ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 15-16 iyul kunlari Afg‘oniston prezidenti Ashraf Gani rasmiy tashrif bilan, Pokiston bosh vaziri Imron Xon xalqaro konferensiya doirasida amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘ladi.
Ushbu konferensiyada Afg‘oniston va Pokiston prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik sisati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq.
Bundan tashqari, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga videomurojaat yo‘llashi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan. Yalpi va sho‘’ba majlislarida mintaqaviy bog‘liqlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror o‘sishni ta’minlashdagi o‘rni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, davlat rahbari Afg‘oniston prezidenti, Pokiston bosh vaziri, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.