TOShKENT, 12-iyul — Sputnik. Britaniyalik tadbirkor va astronavt Richard Brenson 11-iyul o‘zining “Virgin Galactic” kompaniyasiga tegishli raketaplanda 86 km balandlikka ko‘tarildi.
Parvoz AQShning Nyu-Mexiko shtatidan amalga oshirildi. 70 yoshli tadbirkor bilan birgalikda ikki uchuvchi — Deyv Makkey va Maykl Masuchchi, shuningdek, Virgin Galactic bosh astronavt instruktori Bet Mozes, katta operatsiya muhandisi Kolin Bennett va hukumat bilan aloqalar bo‘yicha vitse-prezident Sirisha Bandla qatnashdi.
Kema yo‘lovchilari vaznsizlik holatida bo‘lgan bir necha daqiqa o‘tganidan keyin kema planer rejimida pastlay boshladi. Qo‘nish bir necha daqiqa vaqt oldi, butun parvozga — uchib ketishdan qo‘nishgacha — bir daqiqa kam bir soat sarflandi.
Richard Brenson “Virgin Galactic”ga 2004-yilda asos solgan. U koinotga sayyohlik parvozlarini ishga tushirmoqchi bo‘lgan boshqa bir milliarder — “Amazon” internet-giganti va “Blue Origin” aerokosmik kompaniyasi asoschisi Jeff Bezosni to‘qqiz kunga ortda qoldirdi.