TOShKENT, 11-iyul — Sputnik. Toshkent viloyati Olmaliq shahrida aka-uka va boshqa bir yigit o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xabarda yozilishicha, janjal 8-iyul kuni ro‘y bergan. “Olmaliq dehqon bozori” MChJ hududida meva va poliz mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanuvchilar aka-uka 29 yoshli B. va 22 yoshli I. 25 yoshli K. bilan o‘zaro gap talashishgan.
Janjal vaqtida K. qo‘li bilan B.ni urgan vaqtida janjalga I. (B.ning ukasi) qo‘shilgan va qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan K.ning ko‘krak qismiga bir marotaba urgan.
Tan jarohati oqibatida jabrlanuvchi K. Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi "j" bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.