Saidov BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari o‘rinbosari Jilian Triggs bilan uchrashdi

BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Toshkentga fuqarosizlik bilan bog‘liq masalalarni hal etishda amaliy ko‘mak berishga tayyorligini tasdiqladi.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyul - Sputnik. O‘zbekiston delegatsiyasi Jenevada BMT Bosh kotibining o‘rinbosari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmati.
"7 iyul kuni Jenevada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi bilan BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissarining o‘rinbosari Jilian Triggs o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi", - deyiladi xabarda.
Tojikiston afg‘on qochoqlarini qabul qilyapti – video
Muloqot ishtirokchilari O‘zbekiston bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladilar.
Keyingi yillarda BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan o‘zaro munosabatlar ayniqsa faollashdi.
Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan 2021-yil bo‘yicha Qo‘shma ish rejasi ishlab chiqildi va ushbu reja muvaffaqiyat bilan bajarilmoqda.
Bir yarim mingdan ortiq afg‘on harbiysi Tojikiston hududiga qochib o‘tdi
Mazkur hujjat doirasida birgalikda milliy va mintaqaviy miqyoslarda seminar va o‘quv treninglari o‘tkazildi. Shuningdek, fuqarosizlik va qochoqlar masalalariga oid xalqaro normativ-huquqiy amaliyotni milliy huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha o‘qituvchilar uchun modullar ishlab chiqildi.
Jilian Triggs uchrashuv asnosida prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda fuqarosizlikni kamaytirish sohasida muhim natijalarga erishilganini e’tirof etdi.
Bundan tashqari u BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi Toshkentga fuqarosizlik bilan bog‘liq masalalarni, xususan, BMTning 1961-yilgi tegishli Konvensiyasining ratifikatsiya qilinishi orqali hal etishda amaliy ko‘mak berishga tayyorligini tasdiqladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli bir qancha masalalar bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishib oldilar.