Prezident granti joriy qilindi: unga kimlar da’vogarlik qilishi mumkin

Prezident grantiga da’vogar abituriyentlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 8-iyul — Sputnik. “Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilidan davlat OTM bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy qilindi.
Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning ta’lim sohalari bo‘yicha taqsimoti har yili ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Muayan ta’lim sohasi uchun ajratilgan Prezident granti kvotasi bo‘yicha so‘nggi o‘rindagi abituriyent va u bilan bir xil ball to‘plagan barcha fuqarolar Prezident grantiga da’vogar bo‘ladi.
OTMga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan baliga qo‘shib berilgan ballar Prezident grantiga da’vogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi.
Prezident grantiga da’vogar abituriyentlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Ayrim xotin-qizlarni hokimliklar va OTM hisobidan o‘qitish tartibi joriy etiladi
Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “a’lo” baholarga o‘qigan, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga da’vogar talabalar orasidan tanlov asosida aniqlanadi.
Tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan talabalarga Prezident davlat stipendiyasi tayinlanadi.
Bunda talabaga Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning o‘quv yili boshidan oyma-oy to‘lanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi.
O‘quv semestri yakuniga ko‘ra kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “a’lo” baho bo‘lmaganda, Prezident granti sohiblariga kelgusi o‘quv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi.
Navbatdagi o‘quv semestri yakuniga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “a’lo” baho bo‘lganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi.
O‘qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.