O‘zbekistonda Rossiyada bo‘lgani kabi COVID-19ga qarshi majburiy emlash joriy etilishi mumkin

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov COVID-19 ga qarshi majburiy emlash g‘oyasini ma’qullashini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 7-iyul — Sputnik. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov O‘zbekistonda koronavirusga qarshi majburiy emlash g‘oyasini to‘g‘ri deb hisoblaydi. Bu haqda u AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
“Mening fikrimcha, majburiy emlash — to‘g‘ri g‘oya. Chunki biz o‘zimizni emlash orqali himoya qilamiz. Emlanish orqali biz nafaqat o‘zimizni, balki atrofimizni ham kasallikdan himoya qilamiz. Ehtimol, Rossiyaning tajribasini qo‘llash kerak, u yerda emlanmaganlarga ish joyiga borishga ruxsat berilmaydi”, - deydi u.
Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda 3000 dan ortiq emlash markazlari va 800 ta mobil guruhlar tashkil etilgan, ammo emlash darajasi pastligicha qolmoqda.
“Afsuski, biz kuniga 130−140 ming kishini emlayapmiz. Hozirga qadar O‘zbekistonda 4,2 mln dozadan ortiq vaksinalar ishlatilgan. Deyarli 700 ming kishi butun emlash kursini to‘liq yakunladi. Bu juda kichik ko‘rsatkich”, — deya qo‘shimcha qildi Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda 1-apreldan aholini koronavirusga qarshi emlash ishlari boshlangan edi. Birinchi navbatda 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan tibbiyot xodimlari emlandi. Kuni kecha emlash guruhlariga talabalar ham kiritildi. Emlangan talabalarga kontrakt to‘lovida chegirma beriladi.
Bugungi kunda dunyoning qator mamlakatlarida, jumladan, Rossiyaning bir qator hududlarida ayrim soha xodimlarini koronavirusga qarshi majburiy emlash joriy etilgan. Qolaversa, O‘zbekistonga qo‘shni davlat Qozog‘iston va Tojikistonda ham aholini majburiy emlash belgilangan.