TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida”gi Qonun prezident tomonidan imzolandi.
Qonunga ko‘ra, Prezident davlat xavfsizlik xizmati qo‘riqlanadigan shaxslarning xavfsizligini ta’minlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi hamda o‘z vakolatlarini har qanday davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan mustaqil tarzda olib boradi.
Prezident davlat xavfsizlik xizmatiga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan rais boshchilik qiladi.
Prezident davlat xavfsizlik xizmati bevosita Prezidentga bo‘ysunadi va unga hisobdordir.
Prezident davlat xavfsizlik xizmati kasbga yaroqlilik bo‘yicha tekshiruvdan muvaffaqiyatli o‘tgan, muddatli harbiy xizmatni yoki safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tagan O‘zbekiston fuqarolari bilan ixtiyoriy asosda to‘ldiriladi.
Xizmatga Qurolli Kuchlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarining zaxirasidagi yoki rezervidagi fuqarolar, shuningdek O‘zbekistonning ayol jinsiga mansub bo‘lgan, harbiy-hisob mutaxassisligi bo‘yicha tegishli kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lmagan fuqarolari qabul qilinadi.