TOShKENT, 6-iyul – Sputnik. O‘zbekistonning Suriyadan vatandoshlarni qaytarish hamda ularni jamiyatga qayta integratsiya qilish tajribasi BMT vakillari tomonidan ma’qullandi. Sputnik muxbiri xabariga asosan.
Kecha 5-iyul kuni tashkil etilgan “Suriya va Iroqdan olib kelingan ayollar va bolalarning reabilitatsiyasi hamda reintegratsiyasi” onlayn-tadbirda O‘zbekiston va BMTning Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha BMT maxsus ma’ruzachisi professor Fionnuala Ni Aoleyn nutq so‘zlashdi.
Professor Ni Aoleyn, O‘zbekistonning ayollar va bolalarni vatanga qaytarish hamda tinch hayotga moslashtirish borasidagi sa’y-harakatlari ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi, qolaversa, inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi ibratli amaliyot sifatida qabul qilinishi mumkinligini e’tirof etdi.
BMT vakilining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Suriyaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan “Al-Hol” va “Roj” lagerlarida qariyb 70 ming inson – 57 davlat fuqarolari hisoblanuvchi asosan ayollar va bolalar og‘ir ahvolda saqlanmoqda. Faqat ayrim davlatlargina ana shu ayollar va bolalarni vatanga qaytarish hamda tinch hayotga moslashtirish to‘g‘risidagi o‘zlarining xalqaro majburiyatlarini bajarmoqda, xolos.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2019-yildan buyon 530 nafar Suriyada qochqinlar lagerlarila saqlanayotgan fuqarolarni o‘z vataniga qaytarishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning aksariyati ayollar va bolalar edi.
Hozirgi kunda“Qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish, ularni jamiyatga qayta moslashtirish, hujjatlarini tiklash, ishga joylashtirish, boshpana bilan ta’minlash, bolalarni maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga joylash, yetim bolalar uchun vasiy hamda homiylar belgilash yoki ularni davlatga qarashli ijtimoiy muassasalarga joylashtirish, ularning sog‘ligi va ruhiy holatini monitoring qilib turish va boshqa ishlar amalga oshirilmoqda.