TOShKENT, 6-iyul — Sputnik. O‘zbekiston Chegara qo‘shinlari Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyatni nazorat qilmoqda va u yerdagi vaziyat keskinlashi ortidan tojikistonlik hamkasblari bilan odatdagi tarzda tezkor axborot bilan almashib turibdi.
Bu haqda RIA Novostiga O‘zbekiston Davlat xavfsizligi xizmati (DXX) Chegara qo‘shinlari vakili ma’lum qildi.
“Hozirda qo‘shimcha kuch va vositalarni jalb qilmasdan, odatdagi tarzda chegarani qo‘riqlash rejimini saqlab turishga imkon beruvchi sxema amal qilmoqda”, - dedi agentlik suhbatdoshi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tojikistonlik va rossiyalik hamkasblari Emomali Rahmon va Vladimir Putin bilan telefon orqali Afg‘onistonning shimoliy hududlarida yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilgan edi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, may oyidan buyon “Tolibon”* Afg‘onistonning 50 dan ziyod tumanlarini ishg‘ol qilgan. Mamlakat shimolidagi vaziyat juda jiddiy deb baholanmoqda.
Tojikiston tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, toliblar respublika bilan chegaradosh hududlarining 70 foizini nazorat qilmoqda.
* Rossiya va qator mamlakatlarda taqiqlangan terrorchilik tashkiloti