TOShKENT, 5-iyul — Sputnik. Transport prokuraturasi Toshkent metropolitenining joriy yil may-iyun oylaridagi faoliyatini tahliliy-tanqidiy o‘rganib chiqdi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga uzatilgan lavhada ma’lum qilindi.
Transport prokurori Ma’rufjon Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, sohada ko‘plab qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
“O‘rganishlar davomida ayrim mas’ul mansabdor shaxslarning o‘z xizmat vazifasiga panja ortidan qarashi oqibatida, e’tibor beringlar, jami 650 ta inson omili bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlangan”, - dedi transport prokurori.
Shuningdek, Ma’rufjon Xo‘jayev metropoliten qurilishi jarayonida qurilish mahsulotlarining talon-taroj qilinishi bilan bog‘liq holatlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Xususan, Toshkent xalqa yo‘li yerosti metropolitenida olib borilgan qurilish ishlarida 899 million so‘m talon-taroj qilingani aniqlangan”, - dedi u.
Ushbu holatlar yuzasidan JKning tegishli moddari jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Prokuror aybdor shaxslar qilmishlariga yarasha jazo olishini qo‘shimcha qildi.