TOShKENT, 3-iyul — Sputnik. “Davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
2021 yil 5-iyuldan tegishli (24 ta) korporativ buyurtmachilar:
- davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lonlar va davlat xaridlari natijalari to‘g‘risidagi axborotni maxsus axborot portali hamda OAVda joylashtiradi;
- tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati BHMning 25 ming baravari miqdoridan oshgan hollarda, xaridga doir texnik topshiriqlar va tender hujjatlarini kompleks ekspertizadan o‘tkazish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasiga kiritadi.
- Shuningdek, mazkur korporativ buyurtmachilar uchun individual tarzda Prezident va Hukumat qarorlariga muvofiq belgilangan davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki tender savdolarini o‘tkazmasdan amalga oshirishning mavjud tartiblari bekor qilinadi.
Qarorga ko‘ra:
- yetkazib beruvchilarning dastlabki malaka tanlovini o‘tkazish bo‘yicha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi;
- ombor va transport logistikasini boshqarish tizimidagi jarayonlarni avtomatlashtirish orqali “E-ombor” tovar-moddiy resurslar harakatini hisobga olish elektron tizimi joriy etiladi.
Karor bilan Davlat xaridlari ochiq va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.