TOShKENT, 1 iyul — Sputnik. Yangi o‘quv yilidan barcha uchun ta’lim krediti imtiyozli shartlarda 7-yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasida, ya’ni 2021-yilda 14 foiz stavkada ajratiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar va talabalar forumida ma’lum qildi.
“Ma’lumki, bugungi kunda ota-onalar farzandini oliygohda o‘qitish uchun 22–28 foiz stavkada ta’lim kreditini 3-yil muddatga olmoqdalar. Lekin bu hammaga, ayniqsa, uzoq va chekka joylarda yashaydigan oilalarga og‘irlik qilayotgani ham bor gap. Shuni hisobga olib, yangi o‘quv yilidan barcha uchun ta’lim krediti imtiyozli shartlarda 7-yil muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasida, ya’ni 2021-yilda 14 foiz stavkada ajratiladi”, - dedi davlat rahbari.
Bunga qo‘shimcha ravishda, ta’lim kreditlarini qoplash uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar daromad solig‘idan ham ozod qilinishi aytildi.
"Temir daftar"ga kiritilgan oilalarning farzandlariga oliygohdagi o‘qishning birinchi yili uchun, kontraktni budjetdan to‘lab berish tartibi joriy etiladi.