Toshkent aeroporti estakadasi: qoidalar, to‘lov va jarima

Toshkent xalqaro aeroporti estakadasi 10-iyuldan test rejimida ochiladi.
Sputnik
TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Toshkent xalqaro aeroporti estakadasi 10-iyuldan test rejimida ochiladi.
Uzbekistan Airports kompaniyasi poytaxt aeroportidan uchayotgan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida Toshkent xalqaro aeroporti terminali estakadasini ochishni ma’lum qildi.
“Uzbekistan Airways” samolyotlari yana “Domodedovo” aeroportiga qo‘na boshladi
Estakada bo‘ylab avtotransport vositalari harakati 2021-yil 10-iyuldan test rejimida ishga tushadi.
Bunda,
Toshkent xalqaro aeroporti bilan shartnoma imzolagan litsenziyaga ega taksilar;
O‘zbekiston Turizm va sport vazirligining arizasiga ko‘ra, turistik avtobuslar hamda mikroavtobuslar;
VIP va Business Lounge orqali xizmat ko‘rsatiladigan xorij delegatsiyalari avtotransport vositalariga estakada bo‘ylab harakatlanishga ruxsat beriladi.
Toshkent xalqaro aeroportiga estakada orqali o‘tish qoidalari:
- Estakadaning o‘ng liniyasi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun mo‘ljallangan;
- Estakadaning chap liniyasi taksilar harakati uchun mo‘ljallangan;
- Turistik avtobus va mikroavtobuslar uchun estakada bepul, harakatlanish hamda yo‘lovchilarni qisqa muddatda tushirish vaqti 10 daqiqadan oshmaydi, belgilangan vaqtdan o‘tib ketsa, har 10 daqiqa uchun to‘lov undiriladi;
- Taksilar uchun estakada bo‘ylab bepul harakatlanish hamda yo‘lovchilarni qisqa muddatda tushirish vaqti 5 daqiqadan oshmaydi, belgilangan vaqtdan o‘tib ketsa, har 5 daqiqa uchun to‘lov undiriladi;
- O‘ng va chap liniyalarni ajratib turuvchi sariq chiziqni bosish taqiqlanadi va uni bosish qoidabuzarlik hisoblanib, jarimaga sabab bo‘ladi.