TOShKENT, 1-iyul — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ikkinchi jahon urushida SSSR va fashistlar Germaniyasining roliga bir xil deb hisoblash, tenglashtirishni taqiqlashni nazarda tutilgan qonunni imzoladi. "Sovet xalqining 1941-1945 yillardagi Ulug‘ Vatan urushidagi G‘alabasini abadiylashtirish to‘g‘risida"gi farmonga o‘zgartirishlar kiritildi.
Hujjat huquqiy ma’lumotlarning rasmiy internet portalida e’lon qilindi.
Loyiha Madaniyat va san’at kengashi yig‘ilishidan so‘ng Putin tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga muvofiq tayyorlandi. Davlat Dumasining madaniyat bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Yelena Yampolskaya, quyi palata birinchi vitse-spikeri Aleksandr Jukov, shuningdek senator Aleksey Pushkov deputatlar ko‘rib chiqish uchun hujjat loyihasini taqdim etishdi.
Hujjatning tushuntirish xatida yozilishicha, so‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Rossiyadagi, Sovet Ittifoqi rahbariyati, qo‘mondonligi va harbiy xizmatchilarining maqsadlari, qarorlari va harakatlari natsizm va vermaxt askarlari jinoyatlari bilan tenglashtirish, asossiz umumlashtiruvchi kamsituvchi bayonotlar muntazam nashr etilib, efirga uzatilmoqda.
"Biz Vatan himoyachilarining harakatlarini, uning ozodligi va mustaqilligi uchun kurashda jonini berganlarning harakatlarini, xaloskor-askarlar harakatlarini bosqinchi askarlarning harakatlari, xalqlarni yo‘q qilishga qaratilgan, Xalqaro harbiy tribunalning Yevropa mamlakatlarining asosiy harbiy jinoyatchilarini sudlash va jazolash to‘g‘risidagi hukmiga muvofiq jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan shaxslar (Nyurnberg tribunali) bilan aralashtirish va (yoki) tenglashtirish qat’iyan nomaqbul deb hisoblaymiz", - deb ta’kidlagan loyiha mualliflari.
Ularning fikriga ko‘ra, bu qonun sovet xalqining qahramonligini pasaytirib, siyosiy obro‘ topishga yo‘l qo‘ymaydi. Shu bilan birga, mavzu bo‘yicha ilmiy munozaralar va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyati saqlanib qolinadi.
Ushbu qonunni buzganlik uchun sanksiyalar hozircha belgilanmadi.
Germaniya 1941-yil 22-iyunda SSSRga hujum qildi. Urush 1418 kun davom etdi va fashistik blok mamlakatlarining mag‘lubiyati bilan yakunlandi. 26,6 million sovet fuqarosi qurbon bo‘ldi, bu Ikkinchi Jahon urushidagi barcha talofatlarning 40 foizini tashkil qiladi.