Hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun jazo kuchaytirilishi kutilmoqda

JKning 219-moddasi birinchi qismidagi jinoyat uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi bir yildan uch yilgacha kuchaytirilishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 30-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmat xabar berdi.
O‘zLiDeP fraksiyasining 28-iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilingan.
Namanganlik deputat IIV xodimining pogonini yulib oldi
Ta’kidlanishicha, mazkur loyiha bilan Jinoyat kodeksining 219-moddasi birinchi qismi (Qarshilik ko‘rsatish, ya’ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish) sanksiyasidagi jazo choralarini kuchaytirish taklif qilinmoqda.
Endi jarima miqdori BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha oshirilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash jazo chorasi kiritilmoqda va ozodlikdan mahrum qilish jazosi bir yildan uch yilgacha kuchaytirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Deputatlarning fikriga ko‘ra, javobgarlikni belgilash orqali hokimiyat vakillarining huquqiy himoyasi ta’minlanadi.
Farg‘onada ommani hokimiyat vakilining talabini bajarmaslikka chorlagan ayolga chora ko‘rildi