TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. Toshkent IIBB sobiq qo‘shiqchi Jahongir Otajanovning internet ijtimoiy tarmoqlaridagi chiqishiga munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 17-iyun kuni poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati inspektori M.Ulug‘bek tumani Oltintepa ko‘chasida harakatlanib kelayotgan “Gentra” avtomobilini to‘xtatgan. Haydovchida boshqaruv huquqini beruvchi hujjatlari bo‘lmaganligi sababli avtoulov jarima maydoniga joylashtirilgan. Hozir ham u yerda saqlanmoqda, chunki tegishli hujjatlar taqdim etilmayapti.
Aniqlik kiritilishicha, mashina haydovchisi Jahongir Otajanovning ukasi Alisher Otajanov bo‘ladi.
IIBB hozirda fuqaro Jahongir Otajonov o‘zining davlat organlari xizmatchilariga nisbatan haqoratomuz chiqishlari orqali yaqinlarining huquqbuzarliklarini yashirish, o‘zining maishiy muammolariga omma e’tiborini tortishga urinayotganini bildirgan.
“Mazkur fuqaroning harakatlarida tuhmat va haqorat qilish alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli holatga tegishli tartibda huquqiy baho beriladi”, - deyilgan xabarda.