TOShKENT, 28-iyun — Sputnik. Germaniya kansleri Angela Merkel yevropalik hamkasblari bilan koronavirusning hindcha “delta” shtammi tarqalishi sabab Buyuk Britaniya fuqarolarining Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga kirishini taqiqlash imkoniyatini muhokama qilmoqchi. Bu haqda “The Times” gazetasi xabar qildi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Merkel Buyuk Britaniyani “tashvish keltirib chiqaruvchi” mamlakat deb e’lon qilib, britaniyaliklarning YeI mamlakatlarini kelishni taqiqlashni taklif qilish niyatida. Aniqlik kiritilishicha, taqiq Buyuk Britaniyaning ham emlangan, ham emlanmagan fuqarolariga taalluqli bo‘lishi mumkin.
Gazeta manbasining ma’lum qilishicha, bir qator mamlakatlar, jumladan, Gretsiya, Ispaniya, Kipr, Malta va Portugaliya Germaniyaning bunday taklifiga qarshi chiqishni rejalashtirgan.
O‘tgan yil oktabrida Hindistonda aniqlangan koronavirusning yangi shtammi “delta” deb nomlangan edi. O‘shandan buyon u butun dunyo bo‘ylab tarqaldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, “delta” shtammi 85 dan ziyod mamlakatlarda aniqlangan. So‘nggi kunlarda Buyuk Britaniyada ham bu shtamm bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda. Shu bois hukumat ilgari bekor qilinishi rejalashtirilgan karantin choralarini ortga surishga majbur bo‘lgan.