TOShKENT, 27-iyun — Sputnik. Oxirgi 10-15 kun ichida Zangiota tumanidagi 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bemorlar murojaatlari ko‘paydi. Bu haqda muassasa direktori Anvar Husanov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda mamlakat, xususan, poytaxtdagi epidemiologik vaziyatning biroz murakkablashishi mazkur shifoxona faoliyatiga ham ta’sir etmay qolmagan.
“Ayniqsa, oxirgi ikki hafta davomida tibbiyot muassasamizga murojaat qiluvchi bemorlar soni keskin ortgani, biz shifokorlarni jiddiy tashvishga solmoqda. Xususan, ayni paytda 2016 ta o‘ringa ega bo‘lgan shifoxonada 1400 nafardan ortiq bemor belgilangan standartlar bo‘yicha davolanmoqda”, - deydi Husanov.
Uning ta’kidlashicha, shifoxonada 6 ta reanimatsiya bo‘limi bor va ularda 232 ta o‘rin tashkil qilingan.
“Hozirgi kunda ushbu reanimatsiya bo‘limlarida 203 nafar bemor belgilangan standartlar bo‘yicha davolanmoqda. Bo‘sh o‘rinlar soni esa 29 tani tashkil etmoqda”, - dedi muassasa direktori.
Husanov reanimatsiya bo‘limidagi har bir o‘rin sun’iy nafas berish va zamonaviy davolash apparatlari bilan jihozlanganini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, har bir bo‘limda sanitar o‘tkazgich tashkil qilingan.
SSV ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda kovid bilan kasallanganlar soni soni 109 223 nafarga yetgan. Shulardan 105 006 nafari shifo topgan. 729 kishi virus qurboni bo‘lgan.