TOShKENT, 24-iyun - Sputnik. Qo‘qon shahar hokimi Ma’ruf Usmonov Turkiy kengash turizm bo‘yicha vazirlarining majlisini yoritish uchun Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahriga yetib kelgan jurnalistlarni shaxsan kutib olib, mehmonxonagacha bo‘lgan masofada xorijiy OAV vakillari uchun gid vazifasini bajarib bordi, deb xabar bermoqda Qo‘qon shahridan Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Ayni vaqtda Qo‘qon shahrida Turkiy kengash turizm bo‘yicha vazirlarining majlisi o‘z ishini boshlamoqda.
Kengashga a’zo mamlakatlar turizm sohasi rahbarlari pandemiya tufayli tanazzulga yuz tutgan turizm sektori oldidagi muammolarni muhokama qilib, vaziyatdan xavfsiz chiqish yo‘llarini birgalikda izlaydilar.
Shu o‘rinda, hokim Ma’ruf Usmonov azal-azaldan “ilm va madaniyat o‘chog‘i” degan sharafli nomga sazovor bo‘lib kelgan Qo‘qonga yanada ko‘proq sayyohlar kelishiga zamin yaratish uchun bir guruh xorijiy jurnalistlarga hatto gid bo‘lishga tayyorligini namoyon etdi.
Qo‘qon haqida ma’lumot berar ekan, Ma’ruf Usmonov Qo‘qon hamisha o‘z nomiga ega bo‘lganligini “Qo‘qandu latif” – ya’ni shirinso‘z, mehmondo‘st, latif insonlar shahri deya shuhrat qozonganini ta’kidlab o‘tdi.
“Hatto Sadoyi o‘z she’riy satrlarida Qo‘qon haqida “suv so‘rasa – sharbat tutgan shahar” deya yozib qoldirgan. Qo‘qon hamisha madaniyatda, ilmda namuna bo‘lib kelgan”, dedi hokim.
1709 yildan 1876-yilgacha Qo‘qon xonligi maqomida bo‘lgan shaharda o‘z davrida adabiy muhit juda yaxshi shakllangan.
O‘zbekistondagi birinchi futbol jamoasi ham aynan Qo‘qonda tarkib topgan.
Bugungi kunda Qo‘qon nomi bilan bog‘liq 70ga yaqin nom bor: “Qo‘qon xolva”, “Qo‘qon osh”, “Qo‘qon patir”, “Qo‘qon arava” va hokazolar.
Qo‘qonda bugungi kunda 76ta madaniy-meros obyektlari mavjud. Shundan 24tasi rus kolonial vaqtiga to‘g‘ri keladi.
Hatto Qo‘qon muhitini o‘rganishga kelgan “Butunittifoq starostasi” deb nom olgan Mixail Kalinin ham bu shahardagi ijodiy muhitni o‘rganganidan so‘ng, aynan shu o‘rganish sabab avval O‘zbekistonda, so‘ngra SSSRda yozuvchilar uyushmasi tashkil topadi.
Hokimning kreativ yondashuvi jurnalistlar tomonidan iliq qarshi olindi.
Ammo butun dunyoga madaniyat o‘chog‘i markazi sifatida tanilgan Qo‘qon bu yutuqlar bilan cheklanib qolmoqchimas. Shu bugun Turkiy tilli davlatlar kengashida Qo‘qon Turkiy tilli davlatlar turistik poytaxti etib saylanishi kutilmoqda.