TOShKENT, 22-iyun - Sputnik. Bo‘stonliq tumanida velosport-shosse bo‘yicha o‘tkaziladigan "Federatsiya Kubogi" musobaqasi munosabati bilan 23, 24 va 25-iyun kunlari Chimon hamda Chorvoqqa olib boruvchi ayrim yo‘llar vaqtincha yopiladi. Bu haqda YHXBB ma’lum qildi.
"Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimi farmoyishiga ko‘ra, 2021-yilning 23-24-25 iyun kunlari soat 8-00 dan 14-00 ga qadar 4R12 "Bektemir sh. –Chirchiq sh. – G‘azalkent sh. Chorboq qo‘rg‘oni" avtomobil yo‘lining 61-kilometrdan (Chimon dam olish zonasiga olib boruvchi yo‘lga o‘tish joyidan) 73-kilometrlari oralig‘ida ("Bochka" nomli savdo rastalari boshlangan joygacha) va 4R10 "Chorvoq suv ombori halqa yo‘li"ning 0+500 va 81+700 oralig‘ida ("Farovon", "Arbat", "Chinaris", "Xodjikent" kafelari atrofi) yo‘lda transport vositalari harakati to‘liq cheklanadi", - deyiladi xabarda.
"Bo‘stonliq tumanining Chorbog‘ qo‘rg‘oni, Xumson qishloqlariga tashrif buyuruvchi fuqarolardan ushbu yo‘lni 4R11 "G‘azalkent sh- Qizilsuv- Chorbog‘ qo‘rg‘oni" orqali aylanib o‘tishlari mumkinligi ta’kidlangan.
Shuningdek, Yusufxona, Burchumulla, Bog‘iston va tog‘li hududlardagi boshqa qishloqlarga 4R12 "Bektemir sh. –Chirchiq sh. – G‘azalkent sh. Chorboq qo‘rg‘oni" avtomobil yo‘lining 61-kilometrdan 4R6 "Toshkent-Chirchiq-Chimon" avtomobil yo‘lining 57-kilometriga o‘tish joyi orqali aylanib o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
"Barcha yo‘l harakati qatnashchilaridan mazkur vaziyatda belgilangan tartibni to‘g‘ri tushungan holda tadbirga jalb etilgan YPX inspektorlarining qonuniy talablariga rioya qilishlarini so‘raymiz", - deyiladi xabarda.