TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. 2016 yil dekabridan jori yil mayiga qadar 22 269 nafar shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan. Bu haqda AOKAda Ichki ishlar vazirligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yildan 2007-yilga qadar respublikada jami 482 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilingan. 2007-yildan 2016-yilning dekabr oyiga qadar bunday shaxslarga umuman fuqarolik berilmagan.
2016 yil dekabr oyidan 2021-yil may oyiga qadar prezident Shavkat Mirziyoyevning 87 ta farmoni asosida 22 269 nafar shaxs mamlakat fuqaroligiga qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqaroligini olish osonlashtirilgani xabar qilingan edi. Endilikda O‘zbekistonda tug‘ilgan fuqaroligi bo‘lmaganlarga fuqarolik olish uchun uzluksiz 5-yil yashash talab etilmaydi.