TOShKENT, 21-iyun — Sputnik. Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi tekstil korxonalarining birida ishlagan 19 yoshli qiz tungi ish vaqtida zo‘rlandi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.
Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, voqea 23-may kuni ro‘y bergan. O‘sha kuni qiz tungi navbatchilikda qolgan. Soat 22:00—23:00larga yaqin korxona ustasi kirib kelib, undan koridorga chiqishini so‘ragan. Shundan keyin uning so‘ng oyoq-qo‘lini bog‘lab, mashinada olib ketishgan.
“Ishimizning yonboshida qurilishi bitmagan 9 qavatli bino bor edi. Binoning atrofida bir-ikki odam bor edi. Og‘zim bog‘lab qo‘yilgani uchun baqirolmas edim. Holat mashinada bo‘ldi”, — dedi jabrdiyda telekanalga bergan intervyusida.
Qiz oilada faqat onasi ikkovi pul topishi, otasi va ukasi hech qayerda ishlamasligini qo‘shimcha qilgan. U oilasiga moddiy yordam bo‘lishi uchun ishga kirgan.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati 28 yoshli A.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (Nomusga tegish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Ayblanuvchiga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.