O‘zbekistonlik yosh chavandoz Millatlar kubogi musobaqasida uchta medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik sportchi Abdurahmon Abdullayev Polshadagi musobaqada bronza, kumush va oltin medallarga ega chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 21 iyun — Sputnik. Polshada ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha Millatlar kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda o‘zbekistonlik sportchi Abdurahmon Abdullayev uchta medalni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Musobaqada Go for it laqabli tulpor bilan qatnashayotgan Abdullayev dastlab 140 sm balandlikdagi to‘siqlarni 29,56 soniya ichida bironta ham jarima ochkosisiz bosib o‘tdi va yakunda kumush medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekistonda bolalar ot sporti maktablari tashkil etiladi
Musobaqaning ikkinchi kungi dasturida sportchi xuddi shu balandlikdagi katta yo‘nalishni bosib o‘tish uchun 60,31 soniya vaqt sarfladi. Bu natija Abdurahmon Abdullayevga bronza medalini taqdim etdi.
Yosh chavandoz musobaqaning navbatdagi kunida 150 sm balandlikdagi to‘siqlarni 26,16 soniyada bosib o‘tdi. Bu natijani ushbu dasturda ishtirok etgan hech bir sportchi takrorlay olmadi va Abdullayev yakunda oltin medalga sazovor bo‘ldi.