Migrantlarni Rossiyaga vagonlab olib kirish taklif etildi

Rossiyaga migrantlarni charter poyezd reyslarida olib kirish taklif etilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 18-iyun — Sputnik. Rossiya qishloq xo‘jaligi vazirligi mehnat migrantlarini mamlakatga kiritishning yangi usuli ustida ish olib bormoqda, deb xabar qilmoqda Sputnik Tojikiston "Kommersant’"ga tayangan holda.
Rossiya temir yo‘llari bilan birgalikda mavsumiy ishchilarni olib kirish uchun charter poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Maqomingizni qonuniylashtiring: Rossiyaga migrantlar kerak
Bunday chora tadbirlar qishloq xo‘jaligi sohasini ish kuchi bilan ta’minlash uchun zarur. Rossiya agrosanoati jami 38 mingdan ziyod migrantlarga ehtiyoj sezmoqda.
RF Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda migrantlar mamlakatga faqatgina samolyotda kirib kelishlari mumkin va bu holat ularning transportirovkasi xarajatlarni oshirmoqda.
Agar bugun bir nafar mehnat muhojirining Rossiyaga samolyotda kirib kelishi 80 ming rublga tushayotgan bo‘lsa, poyezd yordamida kirib kelish bu raqamni 12 minggacha kamaytirishi mumkin. Temir yo‘l transporti orqali ishchilarni tashishni tashkillashtirish ish beruvchilarga mehnat rezervlarini qidirish masalasini sezilarli yengillashtirishi kerak.
Yaqinda 7 mingga yaqin migrant Moskvaga keladi, ko‘pchiligi - O‘zbekistondan
Migrantlar qishloq xo‘jaligi ishlarining bir qismini o‘tkazib yuborishgan, ammo iyul oyi o‘rtalaridan boshlab hosil yig‘ish mavsumi faollashadi va o‘shanda xo‘jaliklarga terimchilar, sortirovshchiklar va boshqa ishchilar kerak bo‘ladi.
Rossiya temir yo‘llarining ma’lum qilishicha, agar ushbu tashuvlarni amalga oshirishga buyurtmachi topiladigan bo‘lsa tashkilot Rossiyada ishlash uchun chet el fuqarolarini tashishni amalga oshirishi mumkin.