TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida boshiga ichida turpoq to‘la temir chelak tushib ketgan fuqaro vafot etgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabarda yozilishicha, hodisa 17-iyun kuni tumandagi Do‘stlik mahallasidagi uylarning birida ro‘y bergan. Uy egasi S.S. 50 metr chuqurlikdagi quduqni tozalayotgan vaqtda chelakning arqoni uzilib ketgan. Boshidagi himoya kaskasi borligiga qaramasdan fuqaro og‘ir tan jarohati bilan halok bo‘lgan. Hodisani kuzatib turgan fuqaro R.T. yordam berish maqsadida chuqurlikka tushgan va qaytib chiqolmagan.
Mazkur vaziyat yuzasidan viloyat FVB xodimlari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan. Qutqaruvchilar har ikki fuqaroni olib chiqishgan.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.