TOShKENT, 17-iyun — Sputnik. Joriy yilda 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlash vazifasi belgilangan, jumladan davlat dasturi asosida 45 ming xonadonga mo‘ljallangan uy-joylar quriladi. Bu haqda Qurilish vaziri o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Xoshimov bugun bo‘lib o‘tgan matbuot-anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Mart oyida “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilingan edi.
Qurilish vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan yangi tartib doirasida 27 628ta (18 368 ta shaharlarda, 9 260ta qishloq joylarda) uylar qurish uchun ipoteka kreditlari ajratiladi.
Bunda, 8,3 mingdan ortiq uy "Qishloq qurilish invest" IK MChJ ishtirokida va 3,5 mingdan ortiq uy "Uzshaharqurilish invest" IK MChJ ishtirokida quriladi.
Bu xonadonlarni o‘z ichiga olgan 1048ta ko‘p kvartirali uy-joylar qurilishi uchun muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga yaqin bo‘lgan 175ta massivlar tanlab olingan.
Massivlarni tanlashda quriladigan uylarni narxlarini optimal darajada ushlab turish uchun quyidagi parametrlarga e’tibor qaratildi:
- massivlar yaxlit shaklda qurilishi kerak, ya’ni bitta massivda kamida 5ta va undan ortiq;
- massivlarni tashqi injener kommunikatsiyalarni ulanishi osonligi;
- bu hududlarni injener-geologik nuqtayi nazaridan maqbulligi hisobga olindi.
Qurilish narxini pasaytirish maqsadida qishloq joylarda 5 va undan yuqori, shahar joylarda 9 va undan yuqori uylarni monolit jelezobeton variantlarida qurish belgilandi.
Uylarni qurilayotganda ikkinchi darajadan past bo‘lmagan issiqlik himoya bilan ta’minlanganligi e’tibor qaratildi. Bu himoya - uyda yashovchilarni oylik budjetini iqtisod qilishga ham olib keladi.
Tanlangan 175ta massiv ro‘yxati vazirlar mahkamasi tomonidan tasdiqlandi va bu massivlar kesimida belgilangan loyiha tashkilotlari tomonidan bosh rejalari ishlab chiqildi.
Bosh rejalarni ishlab chiqishda bu hududlar yaqinida ijtimoiy soha obyektlarini mavjudligiga asosiy e’tibor qaratildi.
“Agar ma’lum radiusda ijtimoiy soha obyektlari bo‘lmasa, bosh rejalar bilan u yerda uylardagi xonadonlarni sonidan kelib chiqqan holda maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalarini qurish rejalashtirilgan”, - dedi qurilish vazirligi vakili.
Bu uylarni qurish maqsadida yetakchi loyiha tashkilotlari tomonidan 11 dan ortiq namunaviy loyihalar ishlab chiqildi. Loyihalar qurilish vazirligining texnik kengashida kelishilib, texnik va iqtisodiy parametrlari belgilandi.
Bundan tashqari, aholiga qurilish sohasida tegishli ma’lumotlarni yetkazish maqsadida 2ta portal ishga tushirildi.
Bugungi kunda, hududlarda 19 648ta xonadonli 582ta ko‘p qavatli uy-joylarni qurilishi boshlangan bo‘lib, mazkur ishlarga 261ta pudrat tashkilotlari tanlab olingan.
Tasdiqlangan massivlarning topogeodeziya, geologiya-qidiruv ishlari va massivlar qurish loyihalarini ishlab chiqish uchun 18,1 mlrd. so‘m ajratilgan.