TOShKENT, 16-iyun — Sputnik. Rossiya va Xitoy Sankt-Peterburgdagi konferensiyada Oyda Xalqaro ilmiy stansiya qurish yo‘l xaritasini taqdim etdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Moskva va Pekin Oy orbitasi va sathida eksperimental-tadqiqot vositalari majmuasini qurishni rejalashtirmoqda.
Loyihani uch bosqichda amalga oshirish mo‘ljallangan. 2021-yildan 2025-yilgacha hududlar qidirib topish rejaga kiritilgan. Bu davrda uchta Rossiya va uchta Xitoy avtomatik stansiyalari ishi yo‘lga qo‘yiladi.
So‘ngra qurish ishlari boshlanadi. Buning uchun "Luna-28" va "Chan’e-8" avtomatik stansiyalari ishga tushiriladi, undan keyin uchta Rossiya va uchta Xitoy raketalari yordamida infratuzilmani tashkil etish ko‘zlanmoqda.
Uchinchi bosqich stansiyaning to‘laqonli ishga tushishi bo‘ladi.