Rossiya IIV migrantlar to‘g‘risida farmon yuzasidan sharh berdi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi migrantlar to‘g‘risida farmon yuzasidan sharh berdi.
Sputnik
TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Rossiyada qonuniy asosga ega bo‘lmagan chet elliklar ushbu vaziyatni hal qilish to‘g‘risida 30-sentabrga qadar politsiyaga murojaat qilishlari kerak, deyiladi “MVD Media”.
Bugun Rossiya prezidenti Vladimir Putin pandemiya paytida xorijiy fuqarolarning huquqiy maqomi to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi. Hujjatga ko‘ra yashash uchun ruxsatnomaning muddati tugamaydi.
Putin migrantlarga hujjatlarni uzaytirmasdan Rossiyada bo‘lishga ruxsat berdi
Bundan tashqari, farmon chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni deportatsiya qilishni taqiqlaydi; qamoqdan ozod qilinganlar va milliy xavfsizlikka tahdid soladigan shaxslar bundan mustasno. Ushbu chora 30-sentabrgacha amal qiladi.
Ichki ishlar vazirligi sharhida aytilishicha, Rossiyaga 2020-yil 15-martgacha kelgan fuqarolar va 2021-yil 16-iyundan boshlab mamlakatda bo‘lish uchun qonuniy asoslari bo‘lmagan shaxslarga 2021-yil 30-sentabrgacha huquqiy maqomni tartibga solish uchun IIVning hududiy organlariga murojaat qilish imkoniyati berildi. Bu havo qatnovi tiklangandan keyin ham Rossiya hududini tark etmagan chet elliklarga tegishli bo‘ladi.
Chet el fuqarolari bunday ariza bilan mamlakatdan chiqarib yuborilmaydi.
"O‘z huquqiy maqomlarini tartibga solishni istamagan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 2021-yil 30-sentabrgacha Rossiya Federatsiyasini tark etish huquqi berildi", - deb qo‘shimcha qildi IIV.
Putin tomonidan imzolangan farmon 16-iyundan kuchga kiradi. Yuqoridagi ko‘rsatmalarga qo‘shimcha ravishda, u Rossiyaga ixtiyoriy ravishda ko‘chib o‘tishga ko‘maklashish davlat dasturi ishtirokchisining vizalari, migratsiya kartalari va guvohnomalarining amal qilishini to‘xtatadi.
Bundan tashqari, hujjatga muvofiq, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlar fuqarolari Rossiyaga tashrifining belgilangan maqsadidan qat’i nazar 2021-yil 31-dekabrgacha mehnat va fuqarolik-huquqiy shartnomalarini tuzishlari mumkin. Boshqa mamlakatlardan kelgan fuqarolar patent olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.