TOShKENT, 15-iyun — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA munosabatlarini yanada kengaytirish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
“Amirliklar tomoni O‘zbekiston prezidentining Orolbo‘yi mintaqasida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududini yaratish tashabbusini amalga oshirish doirasida yangi loyihaviy taklifini taqdim etdi”, - deyilgan xabarda.
Uchrashuvda muqobil energetikani rivojlantirish va energetika obyektlarini modernizatsiya qilish, zamonaviy agrosanoat klasterlarini tashkil etish, tadbirkorlikka oid tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiya kompaniyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar hamda qator muhim ijtimoiy dasturlar izchil amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Amirliklarning davlat boshqaruvi sohasidagi, uzoq muddatli yangilanishlar dasturini shakllantirish va innovatsion taraqqiyot yo‘liga o‘tish borasidagi ilg‘or tajribasini keng joriy qilishga qaratilgan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi.