“UzAuto Motors” Tojikistonda o‘z avtomobillarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yadi

O‘zbekiston Tojikistonda o‘z avtomobillarini yig‘ishni yo‘lga qo‘yadi. “Auto Motors Tadjikistan” qo‘shma korxonasi tashkil etiladi.
Sputnik
TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. “UzAuto Motors” Tojikistonda avtomobil yig‘ishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tojikistonning Boxtar shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi O‘zbekiston – Tojikiston hududlararo investitsiyaviy forumida “UzAuto Motors” AJning yengil avtomobillarini ishlab chiqarish "Auto Motors Tadjikistan" qo‘shma korxonasini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolangan.
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida 730 mln dollarlik shartnomalar imzolandi
Mazkur loyiha 2021-yilning 21-aprel kuni Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vaziri – Sherali Kabirning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan.
Unga ko‘ra, 5-7 may kunlari “O‘zavtosanoat” AJ tomonidan ishchi guruh Tojikistonda bo‘lib, hamkor “AlyuminSoxtmon” kompaniyasining ishlab chiqarish quvvatini o‘rganib, qo‘shma korxona yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borib qaytgan.
Umumiy qiymati 2 mln dollarni tashkil qilgan loyihaning dastlabki bosqichida ishlab chiqarish hajmi 10 000 dona transport vositasini tashkil etadi. Kelgusida uni 35 000 donaga oshirish rejalashtirilgan.