TOShKENT, 12-iyun — Sputnik. 23-24-iyun kunlari Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida Turkiy kengash turizm masalalari vazirlarining VI yig‘ilishi va Turizm bo‘yicha ishchi guruhning XV yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, rejalashtirilgan yig‘ilish O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo bo‘lganidan keyingi vazirlar darajasidagi birinchi tadbir hisoblanadi.
Yig‘ilishda Kengashga a’zo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish hamda a’zo davlatlarning yirik shaharlari o‘rtasida xalqaro aviareyslarni tiklash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, xorijiy ishtirokchilar turizm sohasidagi istiqbolli loyihalar, ziyorat turizm imkoniyatlari, Farg‘ona viloyatining hunarmandchilik, ekoturizm va gastronomik salohiyati bilan tanishtiriladi.