TOShKENT, 9-iyun – Sputnik. O‘zbekistonda yer huquqlarini himoya qilish, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash va uni bozor aktiviga aylantirish maqsadida prezident farmoni qabul qilindi.
1. Ushbu farmonga muvofiq, 2021-yiling 1-avgustdan quyidagi o‘zgarishlar kuchga kiradi:
xususiy sektorga yer uchastkalari – mulk va ijara huquqi asosida beriladi;
davlat tashkilotlariga – doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi - bekor qilinadi;
ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar - ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar - mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
davlat tashkilotlariga yer uchastkalari - viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi;
bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish - qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi;
davlat-xususiy sheriklik va ijtimoiy foydali loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
ko‘p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi - viloyatlar va shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
2. Vazirlar Mahkamasi, istisno tariqasida, quyidagi hollarda yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishga haqli:
davlat ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga;
agrosanoat klasterlariga;
qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida;
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid qaror qabul qilish huquqi bekor qilinadi:
yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish va ho kazo;
yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni o‘zgartirish, bekor qilish;
yer toifasini o‘zgartirish;
bog‘dorchilik yoki boshqa faoliyat yuritish uchun yer berish;
xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan majburiyatlar belgilash.
4. Qonunchilik hujjatlarida yer uchastkalari ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartib, imtiyoz va istisnolar 2021-yilning 1-avgustidan to‘liq bekor qilinadi.
5. Yerga mulkiga oid qonun buzilishi holatlarini aniqlash va ularning oldini olishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etiladi.
Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Prezident farmoni bilan batafsil quyida tanishing.