TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Urgut tumanida bir erkak boshqa birini bir necha marta mix bilan o‘ldirgani haqida xabar tarqaldi. Bosh prokuratura voqea tafsilotlariga oydinlik kiritib, holat yuzasidan jinoiy ish ochilganini ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 5-iyun kuni tumandagi G‘o‘s mahallasida ro‘y bergan. Mast bo‘lgan 26 yoshli fuqaro B.S. “Karvon” to‘yxonasi oldida 50 yoshli tanishi O‘.O. bilan janjallashib qolgan. Keyin savdo do‘konidan 15 sm uzunlikdagi o‘tkir tig‘li mixni olib chiqib, tanishining o‘ng ko‘krak qismiga bir marotaba sanchib olgan. Jabrlanuvchi yerga yiqilganidan so‘ng oyoq va qo‘llari bilan uning bosh sohasiga zarbalar berib, unga ko‘plab og‘ir tan jarohatlari yetkazgan. Natijada O‘.O. Urgut tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Marhumning o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Holat yuzasidan tuman prokuraturasi B.S.ga qarshi JKning 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Gumonlanuvchi B.S. protsessual tartibda ushlangan.