TOShKENT, 6-iyun — Sputnik. Hukumat qarori bilan Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reytingini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, har yili 20-yanvarga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlarda Ta’lim inspeksiyasi hamda tizimida umumiy o‘rta ta’lim muassasasi bo‘lgan vazirliklar va idoralarning hududiy bo‘linmalari xodimlaridan iborat tegishli hududdagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ijtimoiy so‘rovnomalar va nazorat ishlarini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlar tuziladi.
Ishlab chiqilgan reytingni aniqlashga oid ma’lumotlar bazasini shakllantirish bo‘yicha jadvallar har yili 1-fevralga qadar Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rasmiy veb-saytidagi platformaga (monitoring.tdi.uz) joylashtiriladi.
Shu bilan birga, jadvallar ularga tegishli ma’lumotlar kiritilib, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining direktorlari tomonidan tasdiqlangan holda 25-aprelga qadar hududiy bo‘linmalarga taqdim etiladi.
Hududiy bo‘linmalar tomonidan jadvallar asoslantiruvchi hujjatlari bilan birgalikda har yili 1-mayga qadar maxsus platformaga joylashtiriladi.
Shuningdek, nazorat ishlari umumiy o‘rta ta’lim muassasasi o‘quvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha bilim darajasini aniqlash maqsadida yozma ish va test sinovi shaklida o‘tkaziladi.
Reyting quyidagi hisoblash tamoyillari asosida aniqlanadi:
reytingda ishtirok etayotgan barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ballari har bir mezon bo‘yicha alohida hisoblanadi;
tegishli mezon bo‘yicha eng yuqori natijaga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga mazkur mezon uchun belgilangan eng ko‘p ball beriladi;
qolgan barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ballari eng yuqori ballga ega bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasining ballari yig‘indisiga nisbatan hisoblab chiqariladi;
har bir mezon bo‘yicha hisoblangan ballar yig‘indisi asosida umumiy o‘rta ta’lim muassasasining reytingi belgilanadi.
Reyting natijalari har yili yangi o‘quv yili boshlanishidan kechikmay Inspeksiyaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi va OAVda yoritiladi.